Diqqat! Sayt sinov tariqasida ishlamoqda, ma`lumotlar to`liq emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Davlat taʼlim standartlari va davlat taʼlim talablarini ishlab chiqish hamda joriy etish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 27-martdagi 157-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida umumiy oʻrta taʼlimning Davlat taʼlim standartlari hamda fanlar boʻyicha oʻquv dasturlari loyihalari ishlab chiqildi. Mazkur loyihalar soha mutaxassislari, olimlar, metodistlar, fan ekspertlari, shuningdek 30 nafar xalqaro konsultant ishtirokida qayta koʻrib chiqildi va takomillashtirildi. Takomillashtirilgan Davlat taʼlim standartlari hamda fanlar boʻyicha oʻquv dasturlari loyihalari 2026-yil 20-avgustdan 5-sentabrgacha jamoatchilik muhokamasidan oʻtkazildi.
Muhokama yakunlariga koʻra, ishlab chiqilgan loyihalar boʻyicha jami 2 137 ta fikr, mulohaza, taklif va munosabat kelib tushdi. Ularning 1 718 tasi (80,4%) Davlat taʼlim standartlariga, 419 tasi (19,6%) fanlar boʻyicha oʻquv dasturlariga tegishli. Kelib tushgan fikr va mulohazalarning 1 329 tasi (62,2%) oʻquv soatlari masalasiga, 808 tasi (37,8%) esa taʼlim mazmuniga oid. DTS va oʻquv dasturlari mazmuni yuzasidan bildirilgan 808 ta fikrning 464 tasi (57,4%) ijobiy yoki tasdiqlovchi mazmunda, qolgan 344 tasi (42,6%) esa turli munosabat va takliflardan iborat.
Kelib tushgan izohlarning dastlabki mazmuniy tahlili jamoatchilik fikri bir xil yoʻnalishda shakllanmaganini, aksincha, takomillashtirilgan taʼlim mazmuni, fanlarga ajratilgan soatlar, oʻqituvchi salohiyati hamda oʻquv dasturlarini amaliyotga tatbiq etish masalalari boʻyicha turlicha pozitsiyalar mavjudligini koʻrsatdi. Takomillashtirilgan taʼlim mazmunining qaysi jihatlari qoʻllab-quvvatlandi?
Jamoatchilik muhokamasida takomillashtirilgan DTS va Milliy oʻquv dasturlarining bir qator umumiy yondashuvlari ijobiy baholangan. Xususan, bildirilgan fikrlarda takomillashtirilgan dasturlarning kompetensiyaviy yondashuvga asoslangani, “faqat nazariy bilim bilan cheklanmay, amaliy koʻnikmalar va mantiqiy fikrlashni rivojlantirishga qaratilgani”, shuningdek, hayotiy kontekstlarning kuchaygani alohida eʼtirof etilgan. DTSning milliy maqsadlar va qadriyatlarga asoslangani, xalqaro tajriba va ekspert tavsiyalariga tayangani ham taʼlim sifatini oshiruvchi omil sifatida baholangan. Oʻquv maqsadlarining aniq belgilanishi, ularning sinflar va mazmun sohalari kesimida bosqichma-bosqich hamda spiralsimon rivojlanib borishi, shuningdek, oʻquvchilarda mustaqil, tanqidiy va ijodiy fikrlash hamda tadqiqotchilik koʻnikmalarini rivojlantirishga urgʻu berilgani qoʻllab-quvvatlangan.
Filologiya fanlari boʻyicha aksariyat izohlarda yangi yondashuvning grammatik qoidalarni yodlatishga emas, kommunikativ koʻnikmalarni shakllantirish va olingan bilimni hayotda qoʻllashga yoʻnaltirilgani maʼqullangan. Oʻquv dasturlarida alohida mavzularni sanab oʻtishdan koʻra, oʻquvchida shakllanishi lozim boʻlgan bilim va koʻnikmalarning aniq belgilanishi, yaʼni oʻqituvchi “nimani oʻtishim kerak?” degan savoldan koʻra, “oʻquvchim nimani bajara olishi kerak?” degan savolga eʼtibor qaratishi lozimligi ijobiy baholangan.
Qaysi fanlarda muhokama eng faol boʻldi? Dastlabki oʻrganishlarga koʻra, eng koʻp fikr quyidagi uchta fan boʻyicha bildirilgan:
Xususan, dars soatlariga oid 1329 ta izohning deyarli barchasi (88,3%) chet tili (388 ta, 29,2%), jismoniy tarbiya (395 ta, 29,7%) va informatika va axborot texnologiyalari (391 ta, 29.4%) fanlari boʻyicha bildirilgan. Qolgan izohlar umumiy (65 ta, 4,9%), geografiya (35 ta, 3,5%) va boshqa fanlarga oid.
Chet tili boʻyicha bildirilgan mulohazalarning 377 tasi (97,2%) ijobiy/tasdiqlovchi mazmunda boʻlib, ularda 8–9-sinflarda ingliz tili faniga ajratiladigan soatlarning oshirilishi, shuningdek, kommunikativ yondashuv va oʻquv maqsadlarining aniqligi toʻliq qoʻllab-quvvatlangan. Muhokama ishtirokchilarining aksariyati loyiha hozirgi davr talabiga juda mos ekani, biroq darslik ham yangi yuklamaga mos kelishi kerakligini qayd etgan.
Jismoniy tarbiya (365 ta, 92,4%) hamda Informatika va axborot texnologiyalari fanlari boʻyicha (347 ta, 88,7%) bildirilgan fikrlarda asosan loyihadagi dars soatlarini koʻpaytirish taklif qilingan. Xususan, jismoniy tarbiya fani uchun 10–11-sinflarda haftasiga 2 soat ajratish masalasi ko‘p bora tilga olingan .
Maʼlumot uchun: Namunaviy tayanch oʻquv rejasi loyihasida jismoniy tarbiya fani uchun 10-11-sinflarda haftasiga 1 soatdan ajratilgan.
Jismoniy tarbiya faniga oid eʼtirozlarning asosiy qismi dastur mazmuniga emas, oʻquv yuklamasiga qaratilgan. Dasturda sogʻlom turmush tarzi, jismoniy holatni tahlil qilish, faol ishtirok etish va sport koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan mazmun ayrim respondentlar tomonidan maʼqullangan.
Informatika va axborot texnologiyalari fani dasturi boʻyicha raqamli kompetensiyalar, dasturlash, sunʼiy intellekt va zamonaviy texnologiyalarga oid mazmun qoʻllab-quvvatlangan. Shu bilan birga, muhokama ishtirokchilarining koʻpchiligi mazkur fanga qoʻshimcha soat ajratishni taklif qilgan.
Maʼlumot uchun: Namunaviy tayanch o‘quv rejasi loyihasida 1–11-sinflar boʻyicha umumiy haftalik oʻquv yuklamasi 316 soat miqdorida saqlanib qolingan, fanlarga ajratilgan o‘quv soatlarini o‘quv maqsadlaridan kelib chiqib qayta taqsimlash nazarda tutilgan.
Muhokama davomida pedagog va mutaxassislar ayrim o‘quv dasturlarini takomillashtirish yuzasidan aniq metodik takliflarni ham ilgari surgan.
Jumladan, ona tili fanida mazmun sohalari va kompetensiyalarga ajratiladigan vaqtni belgilash, summativ baholashni takomillashtirish hamda baholash mezonlarining turli o‘qituvchilar tomonidan bir xilda talqin qilinishini ta’minlash masalalari ko‘tarilgan. Boshlang‘ich sinflardagi o‘qish savodxonligi fani bo‘yicha esa badiiy matnlar bilan bir qatorda axborot matnlari ustida ishlashni kuchaytirish, fan nomini “Adabiyot” deb o‘zgartirish, shuningdek, mazkur yondashuv orqali yuqori sinflardagi “Adabiyot” fani bilan vertikal uzviylikni ta’minlash yuzasidan takliflar bildirilgan.
Biologiya fani bo‘yicha bildirilgan takliflarda asosan o‘quv maqsadlarining izchilligi va murakkablik darajasi, ayrim o‘quv maqsadlarining mazmuni va qamrovi, tadqiqotchilik ko‘nikmalarini rivojlantirish, baholash talablari bilan uzviylik, shuningdek, dasturlarni joriy etish uchun zarur darslik, metodik va moddiy-texnik ta’minot masalalariga e’tibor qaratilgan.
Kimyo fanida laboratoriya xavfsizligi va amaliy ko‘nikmalar ustuvorligini aniq belgilash, mahalliy sanoat hamda ekologik kontekstlarni kengaytirish, STEAMga oid amaliy loyihalarni ko‘paytirish va baholashda xalqaro mezonlardan foydalanish taklif etilgan.
Fizika fanida dars soatlarini oshirish, tajriba va laboratoriya mashg‘ulotlari hamda masala yechishga ko‘proq vaqt ajratish bo‘yicha takliflar bildirilgan. Shuningdek, o‘quvchilarni texnika va muhandislik yo‘nalishlariga tayyorlash, astronomiyani chuqurroq o‘qitish hamda raqamli laboratoriyalar va virtual modellashtirish vositalaridan keng foydalanish zarurligi bo‘yicha takliflar kelib tushgan.
Iqtisodiyot va biznes fani dasturida asosiy e’tiborni faqat iqtisodiy bilimlarni berishga emas, balki o‘quvchilarda moliyaviy savodxonlik, tadbirkorlik, iqtisodiy va tanqidiy fikrlash, muammolarni hal qilish, qaror qabul qilish, kommunikatsiya kabi amaliy kompetensiyalarni shakllantirishga qaratish taklif etilgan.
Davlat va huquq asoslari fani tayanch o‘rta ta’lim bosqichining o‘quv maqsadlarida “izohlash” bilan cheklanmay, huquqiy bilimlarni qo‘llash, tahlil qilish, baholash va real muammoni hal qilish kompetensiyalarini kuchaytirish taklif qilingan. Shuningdek, jamoatchilik tomonidan darsliklar, baholash, o‘qituvchi malakasi, laboratoriya va kompyuter jihozlari, sun’iy intellekt va dasturlash, fan nomlari hamda o‘quv maqsadlarining murakkablik darajasi bo‘yicha ham takliflar bildirilgan.
Ayni paytda Respublika ta’lim markazida tashkil etilgan ishchi guruh DTS va fanlar bo‘yicha o‘quv dasturlari loyihalariga kelib tushgan takliflarni ko‘rib chiqib, tahlil qilmoqda. Jamoatchilik tomonidan har bir fan bo‘yicha bildirilgan takliflarni ko‘rib chiqish natijalari yuzasidan axborot berib boriladi.