Diqqat! Sayt sinov tariqasida ishlamoqda, ma`lumotlar to`liq emas.
Takomillashtirilgan DTS va Geografiya fani Milliy o‘quv dasturi loyihasi yuzasidan bildirilgan fikrlar ishchi guruh tomonidan o‘rganildi. O‘rganish natijalari bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi.
1. Geografiya faniga ajratilgan dars soatlarini ko‘paytirish bo‘yicha bir xil mazmundagi 28 ta taklif qabul qilinmadi.
Izoh: Namunaviy tayanch o‘quv reja loyihasida 1–11-sinflar bo‘yicha umumiy haftalik o‘quv yuklamasi 316 soat miqdorida saqlab qolingan. Ushbu yuklama doirasida geografiya faniga 7–9-sinflarda haftasiga 2 soatdan, 10–11-sinflarda esa 1 soatdan ajratilgan. Shu tariqa geografiya fanining haftalik yuklamasi 8–9-sinflarda amaldagi 1,5 soatdan 2 soatga oshirilgan hamda fanni 11-sinfda ham o‘qitish (amalda o‘qitilmaydi) nazarda tutilgan.
Fanlar bo‘yicha o‘quv soatlari o‘quvchilarning yosh xususiyatlari, fanlararo uzviylik va DTSda ta’lim bosqichlari bo‘yicha belgilangan ta’lim natijalari, umumiy o‘rta ta’limda fanni o‘qitishning maqsadi, shuningdek, o‘quv dasturidagi o‘quv maqsadlarining o‘zaro muvozanati hisobga olingan holda belgilangan.
2. Geografiyani 5–6-sinflarda alohida fan sifatida o‘qitish bo‘yicha bir xil mazmundagi 6 ta taklif qabul qilinmadi.
Izoh: Geografiya fani 1–6-sinflardagi integratsiyalashgan “Tabiiy fanlar” tarkibida o‘qitiladi. “Tabiiy fanlar” bosqichining vazifasi biologiya, kimyo, fizika va geografiyaga oid boshlang‘ich tushunchalarni bir-biridan uzilgan holda emas, tabiat hodisalari o‘rtasidagi bog‘lanishlarni ko‘rsatgan holda shakllantirish hamda kuzatish, o‘lchash, taqqoslash, tajriba o‘tkazish va dalil asosida xulosa chiqarish kabi umumiy tabiiy-ilmiy ko‘nikmalarni rivojlantirishdir. 7-sinfdan boshlab ushbu tayanch bilim va ko‘nikmalar alohida fanlar doirasida tizimlashtiriladi va chuqurlashtiriladi.
Ma’lumot uchun: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-avgustdagi “Kimyo va biologiya yoʻnalishlarida uzluksiz taʼlim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–4805-son qarorida 1–6-sinflarda atrofimizdagi olam, tabiatshunoslik, geografiya, biologiya va fizika fanlari o‘rniga Tabiiy fan (Science)ni yagona fan sifatida tajriba-sinov tariqasida o‘qitishni bosqichma-bosqich joriy etish belgilangan.
3. O‘rta Osiyo va O‘zbekiston geografiyasi hamda Amaliy geografiya mazmunini kiritish bo‘yicha bildirilgan o‘xshash mazmundagi 4 ta taklif dastur loyihasida nazarda tutilganligi sababli qabul qilinmadi.
Izoh: O‘rta Osiyo va O‘zbekiston geografiyasiga oid mazmun dasturda qamrab olingan bo‘lib, 8-sinfda izchil o‘rganilishi belgilangan. Unda O‘rta Osiyo va O‘zbekistonning geografik o‘rni, iqlimi, yerusti va yerosti suvlari, geosistemalari, tabiat zonalari hamda ekologik muammolariga oid o‘quv maqsadlari mavjud. Masalan, O‘rta Osiyo va O‘zbekiston iqlimining asosiy xususiyatlarini izohlash (G8.ISoi.02), O‘rta Osiyo va O‘zbekistonning yirik daryolari, ko‘llari va muzliklarining asosiy xususiyatlarini (suv manbalari, sarfi, rejimi, oqimi) va shakllanish sabablarini sharhlash. (G8.ISsr.02), O‘rta Osiyo va O‘zbekiston geosistemalarini tavsiflash (G8.GSts.01) kabi o‘quv maqsadlari nazarda tutilgan.
11-sinfda Amaliy geografiyaga oid bilim va ko‘nikmalarni yerning tuzilishi va geologiya, resurslar, geosistemalar, geodemografik jarayonlar, inson va tabiat, barqaror rivojlanish va geografik ko‘nikmalar kabi mazmun sohalari, tadqiqotchilik faoliyati va geografiya fanining hayotga tadbiqiga oid o‘quv maqsadlari orqali rivojlantirish nazarda tutilgan.
4. Geografiya fani mazmunini sinflar kesimida taqsimlab o‘qitilishga oid taklif qabul qilinmadi.
Izoh: Loyihada 7-11-sinfda materiklar va okeanlar, O‘rta Osiyo va O‘zbekiston tabiiy geografiyasi, O‘zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy geografiyasi, jahon mamlakatlari, aholisi va xo‘jaligiga oid geografik bilimlar mavjud bo‘lib, ularni O‘zbekiston geografiyasi bilan bog‘lab o‘rgatish nazarda tutiladi. Shuningdek, loyihada 7–11-sinflarda bir xil mavzularni takrorlashni emas, balki geografik bilim va ko‘nikmalarni bosqichma-bosqich rivojlantirish ko‘zda tutilgan.
5. Tadqiqotchilik faoliyatiga oid o‘quv maqsadlarida prognoz qilish ko‘nikmasini shakllantirishdan avval “prognoz” tushunchasiga oid bilim berilishi haqidagi taklif qabul qilinmadi.
Izoh: Prognoz qilish ko‘nikmasi 1-sinfdan boshlab “Tabiiy fanlar” doirasida o‘quvchilarning yosh xususiyatlariga mos ravishda oddiydan murakkabga tomon izchil rivojlantiriladi. Dastlab o‘quvchi kuzatish va sodda tajriba natijasini oldindan taxmin qilishni o‘rganadi. Keyingi sinflarda esa o‘z taxminini avval egallagan bilimlar va mavjud dalillar asosida izohlash, tajriba yoki kuzatish natijalari bilan taqqoslash hamda ular o‘rtasidagi moslikni aniqlash bosqichiga o‘tadi.
Jumladan, 1-sinfda kuzatish va oddiy tajriba natijasini taxmin qilish (TF1.Tmr.02), 2-sinfda ushbu ko‘nikmani davom ettirish (TF2.Tmr.02), 3-sinfda tajriba natijalarini taxmin qilish (TF3.Tmr.03), 4-sinfda esa egallangan bilimlarga asoslanib tajriba natijalarini bashorat qilish (TF4.Tmr.03) nazarda tutilgan. Mazkur ko‘nikma natijani oldindan aytish bilangina cheklanmaydi. 1–2-sinflarda o‘quvchilar tajriba natijasining dastlabki taxminiga mos yoki mos emasligini aniqlaydi. 3-sinfda tajriba natijalarini o‘z taxmini bilan taqqoslaydi, 4-sinfda esa tajriba natijasi va bashorat o‘rtasidagi moslikni tavsiflaydi.
5-sinfda o‘quvchidan ilmiy bilimlarga tayanib tadqiqot natijalarini bashorat qilish (TF5.Tmr.03), 6-sinfda esa tadqiqot natijalarini bashorat qilish va o‘z bashoratini asoslash (TF6.Tmr.03) talab etiladi. Shu tariqa o‘quvchida oddiy taxmin qilishdan ilmiy bilim va dalillarga asoslangan prognoz qilish ko‘nikmasi rivojlantiriladi.
Mazkur ko‘nikma 7-sinfdan boshlab geografik obyekt, hodisa va jarayonlarni o‘rganish orqali davom ettiriladi. Xususan, 8-sinfda ilmiy bilimlarga asoslanib, tahlil yoki kuzatuv natijalarini oldindan prognoz qilish va kutilayotgan natijalar sabablarini tushuntirish (G8.TFmr.03) belgilangan. Bunda o‘quvchi prognozni bildirish bilan cheklanmay, uning sabablarini ham ilmiy bilimlar asosida izohlaydi.
9-sinfda esa ilmiy bilim va tushunchalarga tayangan holda yangi yoki murakkab vaziyatlarda tajriba yoki tadqiqot natijasini oldindan prognoz qilish (G9.TFmr.03) nazarda tutilgan. Ushbu bosqichda o‘quvchi avval egallagan bilimlarini yangi yoki murakkab geografik vaziyatga tatbiq etib, kutilayotgan natijani oldindan aniqlaydi.
11-sinfda mazkur ko‘nikma yanada rivojlantiriladi. Xususan, ilmiy modellar yordamida natijalarni prognoz qilish, ularni tajriba yoki dalillar asosida tekshirish hamda noto‘g‘ri natijalarni rad etish (G11.TFmf.01) kabi tadqiqotchilik faoliyatiga oid o‘quv maqsadlari belgilangan. Demak, o‘quvchi ilmiy model asosida prognoz qiladi, uni mavjud dalillar bilan tekshiradi va dalillar tasdiqlamagan natijalarni rad etadi. Prognoz qilish ko‘nikmasi biologiya, fizika va kimyo fanlarida ham rivojlantiriladi.
Prognoz tushunchasini izohlash, o‘quvchilarga mazkur terminning mazmunini yetkazish bo‘yicha tavsiyalar ish reja hamda o‘qituvchilar uchun yo‘riqnomada beriladi. Bundan tashqari, o‘quv dasturlari asosida ishlab chiqiladigan o‘quv-metodik majmualarda murakkab terminlarning izohi o‘quvchilar sinfi va yoshiga mos tarzda keltiriladi.
Shuningdek, dasturga mos darsliklar va o‘qituvchilar uchun metodik materiallarni tayyorlash zarurligi, attestatsiya va sertifikat imtihoni mazmuni va boshqa joriy etish bilan bog‘liq masalalar boʻyicha mulohazalar kelib tushgan.