0%
Loading

Diqqat! Sayt sinov tariqasida ishlamoqda, ma`lumotlar to`liq emas.

RTM Logo
E'lon
16-sentabr, 2026
5 daqiqa o'qish

TAKOMILLASHTIRILGAN DTS VA MILLIY O‘QUV DASTURI LOYIHASI YUZASIDAN JAMOATCHILIK MUHOKAMASI NATIJALARI

(Kimyo fani bo‘yicha)

Takomillashtirilgan DTS va kimyo fani Milliy o‘quv dasturi loyihasi yuzasidan bildirilgan fikrlar ishchi guruh tomonidan o‘rganildi. O‘rganish natijalari bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi.

1. Laboratoriya xavfsizligi va amaliy ko‘nikmalar ustuvorligini dastur maqsadlarida alohida belgilash bo‘yicha bildirilgan takliflar dastur loyihasida qamrab olingani sababli qabul qilinmadi.

Izoh: Kimyo fani Milliy o‘quv dasturida laboratoriya xavfsizligi va amaliy ko‘nikmalar “Tadqiqotchilik faoliyati” yo‘nalishining alohida o‘quv maqsadlari orqali belgilangan hamda 7–11-sinflar davomida izchil rivojlantirib boriladi. Ushbu o‘quv maqsadlarida tajriba uchun zarur jihozlarni tanlash va ulardan xavfsiz foydalanish, xavfsizlik belgilarini tanish, shaxsiy himoya vositalarini to‘g‘ri qo‘llash, xavf-xatarlarni baholash, kuzatish va o‘lchashlarni aniq bajarish hamda tajriba va tadqiqotlarni xavfsizlik talablariga muvofiq tashkil etish nazarda tutilgan. Demak, taklifda qayd etilgan mazmun dasturda umumiy talab sifatida emas, balki o‘lchanadigan va sinflar kesimida rivojlantiriladigan o‘quv maqsadlari darajasida qamrab olingan. Shu sababli uni dastur maqsadlariga qo‘shimcha ravishda alohida ustuvor talab sifatida kiritish zarur deb topilmadi.

2. Hududiy sanoat korxonalari, mahalliy xomashyo va ekologik muammolar mazmunini kengaytirish bo‘yicha bildirilgan takliflar dastur loyihasida qamrab olingani sababli qabul qilinmadi.

Izoh: Kimyo fani Milliy o‘quv dasturida hududiy sanoat, mahalliy xomashyo va ekologik muammolar bilan bog‘liq mazmun “Barqaror dunyoda kimyo” mazmun sohasi o‘quv maqsadlarida hamda “Kimyo fanining hayotga tatbiqi” yo‘nalishida qamrab olingan. Tegishli o‘quv maqsadlarida O‘zbekistonning tabiiy resurslari va mahalliy xomashyolari, kimyo sanoati va sanoat korxonalari, o‘g‘it ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, tabiiy suvlar, tuproq va suv sifatiga ta’sir etuvchi omillar, energetik va ekologik muammolar hamda barqaror texnologiyalarni tahlil qilish nazarda tutilgan. “Kimyo fanining hayotga tatbiqi” yo‘nalishida esa ushbu o‘quv maqsadlarini mahalliy sanoat, ekologik sharoitlar, tabiiy resurslar va ishlab chiqarish jarayonlari bilan bog‘liq kontekstlarda amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Dasturda turli hududlarning o‘ziga xos sharoitlaridan foydalanish imkonini saqlash maqsadida muayyan korxona yoki hududlar nomma-nom belgilanmaydi. Aniq sanoat korxonalari, mineral xomashyo manbalari va hududiy ekologik muammolar tegishli o‘quv maqsadlarini amalga oshirishda mahalliy kontekst sifatida ish reja, o‘qituvchi uchun yo‘riqnomada yoritiladi. Taklifda ko‘tarilgan masalalar dasturda belgilangan o‘quv maqsadlarini mahalliy kontekstlarda amalga oshirish orqali qamrab olinadi.

3. Amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari ulushini 30–35 foiz etib belgilash hamda jihozlarga minimal talablarni kiritish bo‘yicha bildirilgan taklif qabul qilinmadi.

Izoh: Dasturda amaliy va tadqiqotchilik faoliyati qamrovi alohida foizli yuklama sifatida emas, balki har bir o‘quv maqsadlari bilan integratsiyalashgan holda belgilangan. “Tadqiqotchilik faoliyati” yo‘nalishidagi o‘quv maqsadlarida tajribani rejalashtirish va o‘tkazish, zarur jihozlarni tanlash, kuzatish va o‘lchashlarni bajarish, natijalarni tahlil qilish va baholash, tadqiqotni takomillashtirish hamda xavfsizlik talablariga rioya qilish izchil rivojlantiriladi. Shu sababli amaliy va laboratoriya mashg‘ulotlari uchun umumiy o‘quv vaqtining 30–35 foizini qat’iy belgilash zarur deb topilmadi; ularning hajmi va shakli mavzu mazmuni hamda tegishli o‘quv maqsadlaridan kelib chiqib belgilanadi. Raqamli laboratoriya, mikroeksperiment va boshqa amaliy vositalardan foydalanish bo‘yicha tavsiyalar ish reja va o‘qituvchilar uchun yoʻriqnomada yoritiladi. Laboratoriya jihozlari va moddiy-texnik ta’minotga qo‘yiladigan minimal talablar esa o‘quv dasturining mazmuniy talabi hisoblanmaydi, shuningdek, umumta’lim maktablari uchun zarur jihozlar va texnik vositalar me’yorlari alohida hujjat sifatida tasdiqlanadi.

4. STEAM va modellashtirish yondashuvlarini har chorakdagi majburiy loyihalar bilan bog‘lash bo‘yicha bildirilgan taklif dastur loyihasida qamrab olingani sababli qabul qilinmadi.

Izoh: Kimyo fani Milliy o‘quv dasturida STEAM yondashuviga xos faoliyatlar “Tadqiqotchilik faoliyati” va “Kimyo fanining hayotga tatbiqi” yo‘nalishlaridagi o‘quv maqsadlariga integratsiya qilingan. Tadqiqotchilik faoliyatiga oid o‘quv maqsadlarida modellar yaratish va ulardan foydalanish, muammoni aniqlash, tadqiqotni rejalashtirish va o‘tkazish, ma’lumotlarni tahlil qilish, dalillarga asoslangan xulosa va yechimlar ishlab chiqish kabi ko‘nikmalar izchil rivojlantiriladi. “Kimyo fanining hayotga tatbiqi” yo‘nalishida esa kimyoviy bilimlarni real hayot, sanoat, texnologiya, ekologiya va barqaror rivojlanish bilan bog‘liq kontekstlarda qo‘llash, hamkorlikda faoliyat olib borish va ilmiy asoslangan qarorlar qabul qilish nazarda tutilgan.

Shu sababli STEAM faoliyatlarini har bir chorak yakunida alohida majburiy loyiha sifatida belgilash zarur deb topilmadi. Loyiha va modellashtirish faoliyatlari tegishli o‘quv maqsadlarining mazmunidan kelib chiqib, o‘qituvchilar uchun yo‘riqnoma va ish rejada aks etadi.

5. Mahalliy sanoat va agrokimyo kontekstlarini kuchaytirish bo‘yicha bildirilgan taklif dastur loyihasida qamrab olingani sababli qabul qilinmadi.

Izoh: Taklifda qayd etilgan mahalliy xomashyo bazasi, gaz-kimyo sanoati, o‘g‘it ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi, tuproq unumdorligi va mineral o‘g‘itlarning tuproq hamda suv sifatiga ta’siri “Barqaror dunyoda kimyo” mazmun sohasi va “Kimyo fanining hayotga tatbiqi” yo‘nalishida qamrab olingan. O‘quvchilar kimyoviy bilimlarni mahalliy sanoat, ekologiya va barqaror rivojlanish bilan bog‘liq vaziyatlarda qo‘llashi nazarda tutiladi. Muayyan gaz-kimyo majmualari, hududiy ekologik vaziyatlar va agrokimyoviy muammolarga asoslangan amaliy topshiriqlar hamda keys-stadilar ish reja va o‘qituvchilar uchun yoʻriqnomada yoritiladi. Shu sababli mazkur mazmunni o‘quv dasturiga qo‘shimcha talab sifatida takroran kiritish zarur deb topilmadi.

6. K10.MX.15, K11.MO‘.32 va K11.MO‘.33 o‘quv maqsadlari mazmunini qisqartirish yoki birlashtirish bo‘yicha bildirilgan taklif qabul qilinmadi.

Izoh: K10.MX.15 o‘quv maqsadidagi “ishqoriy metall oksidlari” mazmuni ishqorlarning hosil bo‘lishini tushuntirishga xizmat qiladi. Ishqoriy metall oksidlarining suv bilan reaksiyasi natijasida suvda eriydigan gidroksidlar — ishqorlar hosil bo‘lishi o‘quvchilarga asoslar va ishqorlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni tushunish imkonini beradi. Shu sababli mazkur aniqlashtiruvchi mazmunni saqlash maqsadga muvofiq deb topildi. K11.MO‘.32 va K11.MO‘.33 o‘zaro bog‘liq bo‘lsa-da, ularning mazmuni va qo‘llanish konteksti farq qiladi. K11.MO‘.32 alyuminiy elektrolizining kimyoviy asoslari, kriolitning vazifasi va elektrodlardagi reaksiyalarni tushuntirishga, K11.MO‘.33 esa ushbu bilimlarni boksitdan alyuminiy olish texnologiyasi kontekstida qo‘llashga qaratilgan. Shu sababli o‘quv maqsadlarini alohida saqlash lozim deb topildi.

7. K8.MT.07 o‘quv maqsadida sharq allomalari va atom tadqiqotchilari haqidagi mazmunni qayta taqsimlash bo‘yicha bildirilgan taklif qabul qilinmadi.

Izoh: K8.MT.07 o‘quv maqsadi faqat atom modeli tarixini yoritishga emas, balki moddaning tuzilishi, tarkibi va kimyoviy elementlar haqidagi ilmiy qarashlarning rivojlanishini tushuntirishga qaratilgan. Jobir ibn Hayyon, Beruniy va Ibn Sino qarashlari bilan keyingi davr atom va yadro tadqiqotchilarining ishlari o‘rtasidagi mazmuniy uzviylik o‘quv maqsadining mantiqiy yaxlitligini ta’minlaydi. Shu sababli mazkur olimlar haqidagi mazmunni boshqa yo‘nalishga ajratish zarur deb topilmadi.

Shuningdek, umumiy o‘rta ta’limning Davlat ta’lim standartlari va Milliy o‘quv dasturi loyihalari mazmuni bo‘yicha takliflardan tashqari baholash, sinfxonalarni jihozlash yo‘nalishidagi mulohazalar ham kelib tushgan.

Ijtimoiy tarmoqlar:
RTM - TAKOMILLASHTIRILGAN DTS VA MILLIY O‘QUV DASTURI LOYIHASI YUZASIDAN JAMOATCHILIK MUHOKAMASI NATIJALARI