0%
Loading

Diqqat! Sayt sinov tariqasida ishlamoqda, ma`lumotlar to`liq emas.

RTM Logo
E'lon
16-sentabr, 2026
7 daqiqa o'qish

TAKOMILLASHTIRILGAN DTS VA MILLIY O‘QUV DASTURI LOYIHASI YUZASIDAN JAMOATCHILIK MUHOKAMASI NATIJALARI

(Biologiya fani)

Takomillashtirilgan DTS va Biologiya fani Milliy o‘quv dasturi loyihasi yuzasidan bildirilgan fikrlar ishchi guruh tomonidan mazmunan o‘rganildi. Mazmunan bir xil yoki o‘xshash takliflar umumlashtirildi. O‘rganish natijalari bo‘yicha quyidagilar ma’lum qilinadi.

1. Tadqiqotchilik faoliyatiga oid o‘quv maqsadlarini takomillashtirish (modeldan foydalanish, tadqiqotni rejalashtirish, tadqiqotni o‘tkazish, tadqiqot natijalarini tahlil qilish, xulosa chiqarish va baholash bo‘yicha o‘quv maqsadlarini aniqlashtirish) yuzasidan bildirilgan mazmunan o‘xshash 13 ta taklif qabul qilindi.

2. Dastur matnidagi terminologik aniqlikni ta’minlash hamda tadqiqot metodologiyasida “aniqlik”, “ishonchlilik”, “noaniqlik” va “xatolik” kabi tushunchalarni izchil qo‘llash yuzasidan bildirilgan 2 ta taklif qabul qilindi.

3. Biologiya fanini 6-sinfdan alohida fan sifatida boshlash va 7-sinfning dastlabki biologik mazmunini qo‘shimcha soddalashtirish yuzasidan bildirilgan mazmunan o‘xshash 2 ta taklif qabul qilinmadi.

Izoh: biologik ta’lim mazmuni 7-sinfdan boshlanmaydi. 1–6-sinflarda integratsiyalashgan “Tabiiy fanlar” doirasida tirik va jonsiz tabiat, organizmlar, inson va salomatlik, yashash muhiti bilan bog‘liq boshlang‘ich bilimlar hamda kuzatish, taqqoslash, guruhlash, oddiy tajriba o‘tkazish va xulosa chiqarishga oid tabiiy-ilmiy ko‘nikmalar bosqichma-bosqich shakllantiriladi. 7-sinfdan boshlab shu tayanch bilim va ko‘nikmalar tizimlashtiriladi hamda chuqurlashtiriladi.

Buni 7-sinfning dastlabki o‘quv maqsadlari ham ko‘rsatadi: biologiya fani o‘rganadigan obyektlarni (o‘simlik, hayvon, zamburug‘, bakteriya) modellardan foydalanib aniqlash (B7.TF.01); tirik organizm va jonsiz jismlarning umumiy va farqli jihatlarini taqqoslash (B7.TF.05); hujayrani tirik organizmlarning tuzilish va funksional birligi sifatida ta’riflash (B7.TF.06) belgilangan. Keyingi o‘quv maqsadlarida (B7.TF.13–18) mazmun to‘qima → organ → organlar sistemasi → organizm ketma-ketligida rivojlantiriladi. Demak, 7-sinf mazmuni murakkab biologik masalalardan emas, keyingi mavzular uchun zarur bo‘lgan tayanch tushunchalardan boshlanib, bosqichma-bosqich murakkablashadi.

Shu sababli biologiyani 6-sinfdan alohida fan sifatida boshlash yoki 7-sinfning boshlang‘ich mazmunini soddalashtirish uchun zarurat aniqlanmadi. Amaldagi tuzilma 1–6-sinflardagi integratsiyalashgan tabiiy-ilmiy tayyorgarlik bilan 7-sinfdan boshlanadigan biologiyaga xos tizimli o‘rganish o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlaydi.

4. 5–6-sinflarda integratsiyalashgan “Tabiiy fanlar” yondashuvidan voz kechgan holda biologiya, kimyo, fizika va geografiya fanlarini alohida fan sifatida o‘qitish hamda ularning o‘quv soatlarini ko‘paytirish yuzasidan bildirilgan mazmunan o‘xshash 3 ta taklif qabul qilinmadi.

Izoh: Fanlar bo‘yicha o‘quv soatlari o‘quvchilarning yosh xususiyatlari, fanlararo uzviylik va DTSda ta’lim bosqichlari bo‘yicha belgilangan ta’lim natijalari, umumiy o‘rta ta’limda fanni o‘qitishning maqsadi, shuningdek, o‘quv dasturidagi o‘quv maqsadlarining o‘zaro muvozanati hisobga olingan holda belgilangan.

1–6-sinflardagi “Tabiiy fanlar” fanining vazifasi biologiya, kimyo, fizika va geografiyaga oid boshlang‘ich tushunchalarni bir-biridan uzilgan holda emas, tabiat hodisalari o‘rtasidagi bog‘lanishlarni ko‘rsatgan holda shakllantirish hamda kuzatish, o‘lchash, taqqoslash, tajriba o‘tkazish va dalil asosida xulosa chiqarish kabi umumiy tabiiy-ilmiy ko‘nikmalarni rivojlantirishdir.

Biologiya dasturining 7-sinfdagi boshlang‘ich o‘quv maqsadlari ham integratsiyalashgan bosqichdan alohida fanga izchil o‘tish mavjudligini ko‘rsatadi: o‘quvchi avval biologiya o‘rganadigan obyektlarni aniqlaydi (B7.TF.01), tirik va jonsiz tabiatni taqqoslaydi (B7.TF.05), so‘ng hujayra, to‘qima, organ, organlar sistemasi va organizm darajalariga o‘tadi (B7.TF.06; B7.TF.13–18).

Shu sababli “Tabiiy fanlar” fanini o‘qitishdan voz kechish, fanlarni taklif etilganidan avvalroq ajratish yoki o‘quv soatlarini oshirish uchun yetarli asos mavjud deb topilmadi.

5. Genetikaning ayrim mavzularini (diduragay va poliduragay chatishtirish, genlarning birikkan holda irsiylanishi, krossingover, xromosoma nazariyasi hamda genlarning o‘zaro ta’siri) umumiy o‘rta ta’limning majburiy o‘quv maqsadlari qatoriga kiritish bo‘yicha taklif qabul qilinmadi.

Izoh: umumiy o‘rta ta’lim dasturida mazmun tanlashda mavzuning ilmiy ahamiyati bilan birga umumiy o‘rta ta’limning maqsadi, mazkur bosqichda fanni o‘qitishning maqsadi, barcha o‘quvchilar egallashi zarur bo‘lgan ta’lim natijalari va o‘quvchilarning yosh xususiyatlari hisobga olinadi.

Takomillashtirilgan 11-sinf dasturida genetikaning tayanch konseptual zanjiri saqlangan. Xususan, gaploid va diploid holat, allel, genotip, fenotip, gomozigota, geterozigota, dominant va retsessiv belgilar hamda gomologik xromosomalar (B11.TF.12–23); irsiyat, monoduragay chatishtirish, chatishtirish diagrammasi, Pennet katagi, kodominantlik, ABO qon guruhlari, jins va jinsga bog‘liq irsiylanish (B11.HJ.24–31); uzluksiz va diskret o‘zgaruvchanlik hamda mutatsiya (B11.HJ.32–38) o‘rganiladi. Shuningdek, mutatsiya tezligiga ionlashtiruvchi nurlar va ayrim kimyoviy moddalarning ta’siri (B11.ES.06) ham yoritiladi.

Biologiyani chuqurlashtirilgan darajada o‘rganadigan o‘quvchilar uchun ishlab chiqilayotgan 10–11-sinf Milliy o‘quv dasturida genetika mazmuni kengaytirilgan. Jumladan, unda krossingover va xromosomalarning mustaqil taqsimlanishi, genlarning birikkan holda irsiylanishi, diduragay chatishtirish hamda genlarning o‘zaro ta’siriga oid mazmunlar o‘rganilishi belgilangan. Shuningdek, gomologik xromosomalar, meyoz jarayonida xromosomalarning xatti-harakati va genetik xilma-xillikning shakllanishi chuqurroq o‘rganiladi.

Shu sababli umumiy o‘rta ta’lim dasturida barcha o‘quvchilar egallashi zarur bo‘lgan genetikaning tayanch mazmuni saqlanadi, murakkabroq genetika mazmunlari esa biologiyani chuqurlashtirib o‘rganishga mo‘ljallangan dasturda izchil davom ettiriladi.

6. Diffuziya, osmos va faol transportga oid o‘quv maqsadlarini, shuningdek, ovqat hazm qilish mazmunining tarkibiy o‘quv maqsadlarini birlashtirish yoki qisqartirish bo‘yicha taklif qabul qilinmadi.

Izoh: o‘quv maqsadlari o‘quvchining muayyan sinf yakunida nimani bilishi, tushunishi va amalda bajara olishini aniq ifodalashi lozim. Shu sababli ular aniq mazmunga ega, kuzatiladigan va baholash mumkin bo‘lgan faoliyat orqali ifodalanishi, bir-biridan farqlanuvchi bilim va ko‘nikmalarni umumlashtirib yubormasligi talab etiladi. O‘quv maqsadining alohida berilishi uning uchun alohida dars ajratilishini anglatmaydi — bir dars yoki o‘quv faoliyati doirasida bir nechta o‘zaro bog‘liq o‘quv maqsadlari birgalikda amalga oshirilishi mumkin.

Diffuziya, osmos va faol transport moddalar almashinuviga oid o‘zaro bog‘liq jarayonlar bo‘lsa-da, ularning mexanizmlari bir xil emas. Ular moddalarning harakat yo‘nalishi, konsentratsiya yoki suv potensiali gradiyenti, energiya sarfi hamda membrana oqsillarining ishtiroki jihatidan farqlanadi. Shu sababli o‘quvchi ushbu jarayonlarni ta’riflash, o‘zaro farqlash, biologik ahamiyatini tushuntirish va ayrimlarini tajriba orqali tadqiq etish kabi turli ta’lim natijalariga erishishi kerak. Bu bilimlar keyinchalik oziq moddalarning ichakda so‘rilishi, ildiz tukchalari orqali suv va mineral ionlarning qabul qilinishi, o‘simliklarda moddalar transporti va gaz almashinuvi kabi fiziologik jarayonlarni tushunish uchun tayanch vazifasini bajaradi.

Ovqat hazm qilish mazmunida ham hazm qilish sistemasi organlarining tuzilishi va funksiyasi, fizik va kimyoviy hazm, fermentlarning ta’siri hamda hazm bo‘lgan moddalarning so‘rilishi o‘zaro bog‘liq, biroq mazmun va o‘quv faoliyati jihatidan farqlanuvchi ta’lim natijalaridir. Ularni bitta umumiy o‘quv maqsadiga birlashtirish o‘quvchidan aynan qanday natija kutilayotganini noaniqlashtiradi, o‘qitishda mazmuniy izchillikni va o‘zlashtirish natijalarini baholashni murakkablashtiradi.

Shu sababli mazkur o‘quv maqsadlarining alohida ifodalanishi murakkab biologik jarayonlarni tarkibiy va sabab-oqibat bog‘lanishida o‘zlashtirish, kutilayotgan ta’lim natijalarini aniq belgilash hamda ularni ishonchli baholashga xizmat qiladi.

7. Biologiya fani Milliy o‘quv dasturini amaldagi Milliy sertifikat spetsifikatsiyasi bilan bandma-band muvofiqlashtirish va aniqlangan farqlar asosida o‘quv dasturiga o‘zgartirishlar kiritish, mavzularning mazmuni va o‘zlashtirish darajasini aniq belgilash, tahliliy, hisoblash va amaliy faoliyatlarga yetarli e’tibor qaratish hamda kutilayotgan natijalarni aniq va o‘lchash mumkin bo‘lgan shaklda ifodalash bo‘yicha mazmunan bir xil 2 ta taklif qabul qilinmadi.

Izoh: ta’lim mazmuni va baholash tizimi o‘rtasidagi uzviylik zarur. Biroq bu uzviylik Milliy o‘quv dasturini muayyan amaldagi imtihon spetsifikatsiyasiga moslashtirish orqali emas, balki baholanadigan bilim va ko‘nikmalarni umumiy o‘rta ta’limning DTS hamda Milliy o‘quv dasturida belgilangan ta’lim natijalariga muvofiqlashtirish orqali ta’minlanishi lozim. Milliy o‘quv dasturi ta’lim natijalarini belgilovchi asosiy hujjat, baholash spetsifikatsiyalari esa ana shu natijalarni o‘lchash vositasidir.

Takomillashtirilgan Biologiya fani Milliy o‘quv dasturida mavzularning mazmuni va o‘zlashtirish darajasi mavzu nomlari bilan emas, sinflar kesimida belgilangan o‘quv maqsadlari orqali aniqlashtirilgan. Dasturda o‘quv maqsadlari o‘quvchi egallashi lozim bo‘lgan bilim, ko‘nikma va kompetensiyalarni ifodalovchi aniq ko‘rsatkichlar sifatida belgilangan hamda har bir mazmun sohasi bo‘yicha aniq, izchil va o‘lchanadigan shaklda ishlab chiqilgan.

Tahliliy va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirish uchun tadqiqotchilik faoliyati alohida yo‘nalish sifatida kiritilib, modeldan foydalanish, tadqiqotni rejalashtirish, tadqiqot o‘tkazish, natijalarni tahlil qilish, baholash va xulosalash kabi faoliyatlar bosqichma-bosqich belgilangan. Hisoblash ko‘nikmalari ham o‘quv maqsadlarida aks etgan. Masalan, 9-sinfda kattalashtirish formulasini qo‘llash, hisoblash uchun o‘lchov birliklarini to‘g‘ri tanlash hamda millimetr, mikrometr va nanometr o‘rtasidagi qiymatlarni konvertatsiya qilish nazarda tutilgan (B9.TF.09–10).

Shuningdek, o‘quv maqsadlari faqat bilimni eslab qolishga emas, uni tushuntirish, taqqoslash, qo‘llash, tahlil qilish, bashorat qilish, baholash va xulosa chiqarishga yo‘naltirilgan. Biologiya fanining hayotga tatbiqi yo‘nalishi esa o‘rganilgan bilimlarni real hayotiy vaziyatlarda qo‘llashga xizmat qiladi.

Shu sababli taklifda qayd etilgan mavzularning o‘zlashtirish darajasini aniq belgilash, tahliliy, hisoblash va amaliy faoliyatlarni kuchaytirish hamda kutilayotgan natijalarni aniq va o‘lchash mumkin bo‘lgan shaklda ifodalashga oid talablar takomillashtirilgan dasturda nazarda tutilgan.

Milliy o‘quv dasturini amaldagi Milliy sertifikat spetsifikatsiyasiga moslashtirib qayta tuzishga zarurat mavjud emas; aksincha, baholash mazmuni va topshiriqlari DTS hamda Milliy o‘quv dasturida belgilangan ta’lim natijalariga muvofiq ishlab chiqilishi lozim.

Ma’lumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 12-oktabrdagi “Umumtaʼlim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish toʻgʻrisida”gi 646-son qarorining amaldagi tahririda Milliy sertifikat uchun test savollari Davlat ta’lim standartlariga mos ravishda hamda ta’lim o‘quv dasturiga muvofiq ishlab chiqilishi belgilangan.

Shuningdek, dasturga mos darsliklar va o‘qituvchilar uchun metodik materiallarni tayyorlash, darsliklar sifati va dasturlarni ekspertizadan o‘tkazishda soha mutaxassislari ishtiroki, maktablarning laboratoriya va moddiy-texnik ta’minoti hamda Milliy o‘quv dasturi bilan baholash tizimlari o‘rtasidagi uzviylik kabi mulohazalar kelib tushgan.

Bundan tashqari, biologik bilimlarning amaliyot bilan bog‘lanishi, tadqiqotchilik faoliyatiga e’tibor, spiralsimon yondashuv, biotexnologiya, gen muhandisligi va ekologik mazmunning yoritilishiga oid 5 ta ijobiy munosabat bildirilgan.

Ijtimoiy tarmoqlar:
RTM - TAKOMILLASHTIRILGAN DTS VA MILLIY O‘QUV DASTURI LOYIHASI YUZASIDAN JAMOATCHILIK MUHOKAMASI NATIJALARI